Umumiy ma'lumotlar


TATU Samarqand filiali O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2005 yil 2 iyundagi «Axborot texnologiyalari sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish to‘g‘risida» PQ - 91 Qaroriga muvofiq tashkil etilgan. SHu kunga qadar filial Respublikamiz xalq xo‘jaligining aloqa va axborotlashtirish  sohasi  uchun 1928 nafar yuqori malakali etuk mutaxassis kadrlar, 1 nafar fan doktori va 6 nafar fan nomzodlari  tayyorlab berdi. 

Bugungi kunda filialda 1131 nafar bakalavriatura va 61 nafar magistratura talabalari tahsil olmoqda. Professor - o‘qituvchilar tarkibi 78 nafar asosiy shtatda va 27 nafar o‘rindoshlik shtatida faoliyat olib borayotgan ustozlardan iborat bo‘lib, ularning 3 nafari fan doktori professorlar va 28 nafari fan nomzodi dotsentlardir. 

Filial tasarrufida 2ta o‘quv bino va talabalar turar joyi uchun 1 ta bino bor. Zamonaviy tarzda jihozlangan 18ta ma’ruza xonalari, 32ta amaliy mashg‘ulot xonalari, 16ta kompyuter sinflari, 5ta o‘quv laboratoriyalari, 1 ta lingafon xonasi, axborot - resurs markazi va sport zal talabalar xizmatida. Har 4 nafar talabaga 1 ta kompyuter to‘g‘ri keladi.  

I. O‘quv ishlari:

Filial tarkibida 2ta fakultet va 8ta kafedra mavjud.

Fakultetlar:

• Kompyuter injiniring;
• Telekommunikatsiya texnologiyalari va kasb ta’limi.

Kafedralar:

• Axborot texnologiyalari;
• Kompyuter tizimlari;
• Tabiiy fanlar;
• Axborot ta’lim texnologiyalari;
• Telekommunikatsiya injiniring;
• Gumanitar va ijtimoiy fanlar;
• Tillar kafedrasi.

Filialda kadr tayyorlash bakalavriatning 7ta yo‘nalishi va magistraturaning 3ta mutaxassisligi bo‘yicha olib borilmoqda.

Bakalavriatura:

• Informatika va axborot texnologiyalari;
• Kasb ta’limi (Informatika va axborot texnologiyalari);
• Telekommunikatsiya;
• Xizmat ko‘rsatish texnikasi va texnologiyasi (elektron va kompyuter texnikasi);
• Kompyuter injiniringi;
• Telekommunikatsiya texnnologiyalari;
• AKT sohasida kasb ta’limi.

Magistratura:

• Kompyuter tizimlari va ularning dasturiy ta’minoti;
• Kasb ta’limi (informatika va multimedia texnologiyalari);
• Kompyuter injiniring (kompyuter tizimlarini loyihalash).

Filialda barcha mashg‘ulotlar zamonaviy pedagogik va axborot texnologiyalari asosida olib borilmoqda. Har bir fan bo‘yicha zaruriy materiallar o‘quv uslubiy majmua sifatida shakllantirilgan. Kafedralarda hammasi bo‘lib 110 ta o‘quv uslubiy majmua yaratildi. O‘quv jarayoniga xizmat qiluvchi texnik jihozlar yildan yilga boyitib borildi. Hozirgi paytda filialda barcha darslar elektron taqdimotlar asosida multimediali vositalar yordamida  o‘tilmoqda. Masofaviy elektron ta’lim usullari keng joriy qilindi. 2013 yil davomida TATUning mutaxassislik kafedralari tomonidan fanlar bo‘yicha masofaviy darslar videokonferensiya shaklida tashkillashtirilmoqda va filial talabalari ushbu darslarda to‘liq qatnashmoqdalar.

Internet texnologiyalar o‘quv jarayoniga keng ko‘lamda tadbiq etilmoqda. O‘quv jarayoni uchun ajratilgan kompyuterlarning hammasi internetga ulangan va ulanish tezligi zamonaviy me’yorlarga mos keladi. Talabalar nafaqat auditoriya darslarida, balki mustaqil ish, kurs ishlari, bitiruv malakaviy ishlari va magistrlik dissertatsiyalarini bajarishda internet resurslaridan to‘liq foydalanmoqda. Shunga yarasha talabalarning internet texnologiyalari bo‘yicha saviyasi va ongi keskin o‘sdi. Hozirgi talabalarimizda filial endi tashkil bo‘lgan vaqtlardagi talabalarga nisbatan katta ijobiy farq bor. 

Ilmiy darajali kadrlar tayyorlash. Filialda yuqori malakali ilmiy - pedagog kadrlar tayyorlash bo‘yicha sezilarli yutuqlarga erishilgan. Jumladan, F.Axmedjanov doktorlik dissertatsiyasini, I.Boynazarov, N.Raximov, X.Primova, Sh.T.Xodjaev, S.T.Kubaev, Z.A.Qarshievlar nomzodlik dissertatsiyalarini  himoya qildi. Hozirgi vaqtda R.Indiaminov doktorlik dissertatsiyasini himoya qilish arafasida, O.Mamaraufov doktoranturada o‘qishni boshladi, 10 nafar o‘qituvchilarning doktorlik dissertatsiyasi mavzulari OAK jurnalida e’lon qilindi va ular doktorlik dissertatsiyasini mustaqil - tadqiqotchi sifatida bajarmoqdalar.

Ingliz tilini o‘rganish. O‘quv rejaga binoan 1-, 2- va 3 - kurslarda barcha talabalar uchun chet tili (ingliz, nemis yoki fransuz tili) darslari, 4 - kurs talabalari uchun esa amaliy ingliz tili darslari o‘tilmoqda. Har yili 3 - 4 nafar talaba o‘zinig bitiruv malakaviy ishini ingliz tilida yozib himoya qilmoqda. Ingliz tili bilan faol shug‘ullanadigan talabalar filial ochilgan yillarda 3 - 5% ni tashkil qilgan bo‘lsa, hozir bu ko‘rsatkich 10 - 15% dan kam emas. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012 yil 10 dekabrdagi "Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi PQ - 1875 - son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil qilingan "Professor o‘qituvchilarning chet tilidan bilim darajasini oshirish va mukammal o‘rganish”  maxsus kurslarida filialning 79 nafar professor - o‘qituvchilari tasdiqlangan dars jadvali asosida bilim ko‘nikmalarini oshirmoqdalar.

Xalqaro aloqalar. 2012 yil mart oyida filialimiz assistenti Yalg‘ashev Olimjon Rashidovich Erasmus - Mundus loyihasiga hujjatlar topshirib, Fransiyaning Belfort - Montebeliard texnika universitetiga aspiranturaga (PhD) qabul qilindi. Shoniyozov Bobosher Rossiyaning Yoshkar – Ola davlat texnika universitetida magistraturada tahsil olmoqda. 

Xorijiy ilmiy markazlarda filial ilmiy - pedagogik kadrlari malakasini oshirish muddatlari TATU prorektori – AKT bo‘yicha maslahatchi Li Sul Chu bilan kelishilgan. Rejaga ko‘ra 2014 yil mart oyida T.Soqiev, N.Raximov hamda sentyabr oyida I.Xo‘jayorov Koreya Respublikasi oliy ta’lim muassasalari va ilmiy markazlariga malaka oshirishga yuboriladi.

Bitiruvchilarni ishga joylash.  O‘tgan o‘quv yilida bakalavriatni 231 nafar talaba bitirib, ulardan 82 nafari ta’lim muassasalarida; 8 nafari - sanoat korxonalarida; 3 nafari - qurilish, qishloq, suv va o‘rmon xo‘jaligida;  35 nafari - transport va aloqada sohasida; 7 nafari bank, soliq, sug‘urta va moliya organlarida; 12 nafari davlat boshqaruvi organlarida; 6 nafari jamoat tashkilotlarida; 4 nafari servis, xizmat ko‘rsatish sohasida; 12 nafari tadbirkorlik va xususiy sektorda; 23 nafari boshqa sohalarda ishlamoqdalar. Bitiruvchilarning 13 nafari magistraturada o‘qishni davom ettirmoqdalar.

Magistraturani bitirgan 30 talabaning 28 nafari ta’lim muassasalarida va 2 nafari aloqa va axborotlashtirish korxonalarida ishlamoqdalar.

II. Ilmiy ishlar

Ilmiy yo‘nalish mavzulari. Filial professor-o‘qituvchilari «Ta’lim, aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya tizimlarini rivojlantirishning intellektual vositalari, ma’lumotlar va bilimlar jamg‘armasi hamda dasturiy mahsulotlarini ishlab chiqish» mavzuida ilmiy - tadqiqotlar olib bormoqdalar. Filial kafedralarining ilmiy yo‘nalishlari: 

- telekommunikatsiya vositalarining rivojlanishi, optik tolali aloqa liniyalarining raqamli magistrallari, raqamli liniyalar, raqamli ATSlar va h.k.;
- ma’lumotlar uzatish tarmoqlari va internet - ta’lim tizimini rivojlantirish;
- dasturiy mahsulotlar industriyasini shakllantirish; 
- elektron va kompyuterga xizmat ko‘rsatish texnikasi va texnologiyasi sifatini oshirish;
- AKT bo‘yicha kasbiy ta’limni rivojlantirish; 
- mintaqalar talab va ehtiyojlarining «buyurtma portfeli» asosida axborot - resurslari bozorini rivojlantirish.

Ilmiy maqolalar chop etish va konferensiyalarda qatnashish. 2013 yilda filial professor - o‘qituvchilari va ilmiy xodimlari tomonidan chop etilgan monografiya, xalqaro va respublika miqiyosidagi ilmiy maqolalar, patentlar, mualliflik guvohnomalari va tezislar soni 240dan ziyod.

Ilmiy laboratoriyalar. 2012 yildan boshlab 5ta ilmiy laboratoriyalar faoliyat ko‘rsatmoqda.

Ilmiy grantlar. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasi huzuridagi fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasining 2012 - 2016 yillar uchun e’lon qilingan fundamental va amaliy ilmiy tadqiqotlar tanlovida filial professor - o‘qituvchilarining 5ta loyihalariga grant  berildi. Shundan 2013 yilda O‘zR Davlat fan va texnologiyalarni muvofiqlashtirish qo‘mitasi tomonidan 2ta fundamental tadqiqot va 2ta amaliy tadqiqot hamda bitta innovatsion loyihalarga jami 221,921 mln. so‘m mablag‘ ajratildi: 

1) F2 - FQ - 0 - 47339F - 015: «Kvant o‘lchamli nanostrukturalar fizikasi»  fundamental tadqiqotlar granti (ilmiy rahbar: f. - m.d. prof. B.Eshpulatov; 85,890 mln.so‘m). 
2) F4 - FQ - 0 - 11951 - F4 - 024 - «Anizotrop elektr o‘tkazuvchanlikni hisobga olgan holda tok tashuvchi anizotrop qobiqlar elektromagnitoelastikligi bog‘liqli chiziqlimas masalalarini echish metodikasi, algoritmi va dasturiy ta’minotini yaratish» fundamental ilmiy tadqiqotlar granti (ilmiy rahbar dots. R.SH Indiaminov; 20,141 mln.so‘m). 
3) A5 - FQ - 0 - 18644 - A5 - 049: «Informatika va axborot texnologiyalari va kasb ta’limi (Informatika va axborot texnologiyalari) ta’lim yo‘nalishlaridagi "Intellektual tizimlar” fanidan o‘quv - uslubiy majmualar yaratish» mavzusidagi amaliy tadqiqot granti (ilmiy raxbar dots. Q.A.Bekmuradov; 24,54 mln.so‘m). 
4) A - 1 - FQ - 0 - 80875 - A - 1 - 081: "Bo‘lajak mutaxassislarning kasbiy kompetentligini (kasbga yaroqliligini) shakllantirishning psixologik - pedagogik asoslari (TATU va uning filiallarida bakalavr va magistrlar tayyorlash bazasida” amaliy tadqiqot granti (ilmiy rahbar dots.S.Musinov; 61,35 mln.so‘m). 
5) I - 2013 - 29: «Korporativ tarmoqlar uchun  virtual resurslarni ishlab chiqish va joriy etish (tabiiy - ilmiy predmetlar misolida)» innovatsion grant (ilmiy rahbar p.f.d., prof. M.X.Lutfullaev; 30 mln.so‘m).

Ushbu grantlarda filialning 30 nafar professor-o‘qituvchilari, 12 nafar talaba va magistrantlari ishtirok etmoqda. 

Amaliyotga tadbiq etilgan ishlar. 2009 yildan boshlab Q.A.Bekmurodov, T.T.Xodjaev va Sh.T.Xodjaevlarning "Samarqandtumangaz”, "Samarqandshahargaz” korxonalari bilan olib borgan xamkorlikdagi ishlar natijasida yaratilgan dasturiy vositalarning qo‘llanishi natijasida 12 mln.so‘m, S.T.Kubaevning ilmiy izlanishlari natijasida 400 ming so‘mlik  iqtisodiy samaradorlikka erishildi. SHuningdek, dots.U.X.Narzullaev O‘zR Davlat fan va texnologiyalarni muvofiqlashtirish qo‘mitasining Samarqand davlat universitetida olib borilayotgan "Разработка новых методов исследований нелинейных алгебраических и дифференциальных уравнений, а также осциляторных интегралов и их применение” nomli fundamental ilmiy tadqiqotlar granti (36 mln.so‘m), A.Abdukarimov, N.Shamsuddinovalar OT - F1 - 044 sonli fundamental tadqiqotlar, O‘.Saidov esa OT - YOF - 106  sonli yosh olimlar granti ishtirokchisi hisoblanadi.

Professor - o‘qituvchilar va talabalar tomonidan O‘zbekiston davlat patent idorasining 24ta dasturiy mahsulot uchun rasmiy qayd haqidagi guvohnomalar olingan.

Iqtidorli talabalar. O‘tgan davrda filial talabalining 3 nafari  O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat stipendiyasi, 5 nafari Beruniy nomli davlat stipendiyasi, 8 nafari O‘zbekiston aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasining, 12 nafari  "Elektronika, radiotexnika ilmiy tekshirish jamiyati”ning stipendiyalari sovrindorlari bo‘lishdi. O‘zbekiston madaniyati va san’ati forumi tanlovlarida turli yillarda 3 nafar talaba  g‘olib bo‘lishgan. Filialning iqtidorli talabalari Respublika va jahon fan olimpiadalari, megatanlovlar, "Talabalar bahori”, "Al - Xorazmiy”, Dasturlash bo‘yicha jahon chempionatining” Middle Asia subregioni, "Eng yaxshi BMI” tanlovlarida munosib ishtirok etishib, faxrli o‘rinlarni egallab kelishmoqda. 

III.  Moddiy - texnik baza

Filialning 2011 yilda ishga tushirilgan 3 qavatli yangi binosida 30 ta o‘quv auditoriyasi, 10 ta kompyuter xonasi, 2 ta o‘quv laboratoriyasi, bitta videokonferensiya zali, bitta multimediya sinfi, bitta lingafon sinfi, elektron kutubxona, axborot resurs markazi va zamonaviy sport zal talabalarga xizmat ko‘rsatadi. Talabalar turar joyi binosi 340 o‘rin sig‘imga ega.

O‘zbekiston Respublikasi aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasining 2014 yil 30 yanvardagi 35 - son buyrug‘i ijrosini ta’minlash maqsadida filialda "Fizika” o‘quv laborotoriyasini tashkil qilish uchun 110000 ming so‘m mablag‘ ajratildi.

IV. AKT bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012 yil 21 martdagi PQ - 1730 – sonli «Zamonaviy axborot - kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va rivojlantirish chora - tadbirlari to‘g‘risidagi» qarorining ijrosini ta’minlash maqsadida Samarqand viloyatining 6ta tumaniga 6 nafar professor o‘qituvchilar biriktirilgan. 

O‘zbekiston Respublikasi Bosh Vazirining 2013 yil 5 - martdagi rayosati yig‘ilishi topshiriqlari asosida TATU Samarqand filialidan 2013 yilda Samarqand va Jizzax viloyatlarida hokimiyat xodimlarini, korxona, tashkilot xodimlari va aholini AKT bo‘yicha o‘qitish uchun Samarqand viloyatiga  16 nafar va Jizzax viloyatiga 18 nafar professor - o‘qituvchilar biriktirildi. 

2013 yilda Samarqand, Jizzax, Buxoro, Navoiy, Surxandaryo Sirdaryo  viloyatlarining davlat boshqaruvi organlari xodimlari, umumta’lim va kasb-hunar ta’lim muassasalari o‘qituvchilari hamda aholining turli qatlamlaridan jami 2695 nafar kishiga axborot - kommunikatsiya  texnologiyalari bo‘yicha 16 soatlik dastur asosida dars mashg‘ulotlari o‘tildi.    

Filialda 2014 yildan boshlab Samarqand viloyatidagi davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarida "Elektron hukumat” tizimini joriy etishda ishtirok etuvchi xodimlarni TATU Samarqand filialida o‘qitish va malakasini oshirishga mo‘ljallangan "Elektron hukumat o‘quv markazi filiali” hamda  "Dasturchilar tayyorlash markazi” tashkil etildi. O‘zbekiston Respublikasi aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasining 2014 yil 30 yanvardagi 35 - son buyrug‘i ijrosini ta’minlash maqsadida filialda "Elektron hukumat o‘quv markazi filiali” uchun 80000 ming so‘m mablag‘ ajratildi.

Dasturiy maxsulotlar yaratish. 2013 yilda dasturiy maxsulotlar va ma’lumot bazalarini yaratish bo‘yicha Samarqand viloyat hokimining topshirig‘iga asosan filialning 5 nafar professor-o‘qituvchilari hamda 15 nafar talaba va magistrantlar 13ta dasturiy mahsulotlar («Fermerlar», «Paxta qabul qilish», «Agroiqtisodiyot», «MTP»,«Bandlik», «Kollej bitiruvchilarini ishga joylashtirish», «Sanoatda - investitsiyalar», «Tabiiy gaz hisobi», «Investitsiya», «Qishloq uy - joy qurilishi», «Mahalla», «Ijro»,  «Migratsiya») yaratishda ishtirok etib kelmoqdalar.  Kelgusida mazkur dasturiy maxsulotlar iqtisodiyot hamda qishloq xo‘jalik tarmoqlariga integratsiya qilinadi. 

V. KHKlari bilan xamkorlik.

Viloyat hokimining 2013 yil 1 fevraldagi 26 - Q sonli qarorining 4 - ilovasiga muvofiq "Kasb - xunar kollejlarida ta’lim sifatini yaxshilash va o‘qituvchilar malakasini oshirishga amaliy yordam ko‘rsatish va doimiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish” maqsadida filialga biriktirilgan 8ta kasb hunar kollejlari bo‘yicha 8 ta ishchi guruhi tashkil etildi. Bu ishchi guruh tomonidan 10ta o‘quv uslubiy  ko‘rsatmalar chop etildi, 58ta o‘quv adabiyotlari taqdim etildi, 42ta "Ochiq dars”  va "Master klass” mashg‘ulotlar olib borildi, o‘quv va diplom oldi amaliyotlariga 24 nafar professor - o‘qituvchilar rahbarlik qildi, rahbariyat va biriktirilgan vakillar ishtirokida ota - onalar bilan uchrashuvlar o‘tkazildi, 10 nafar professor - o‘qituvchilar o‘rindoshlik va  soatbay asosda dars o‘tmoqdalar, kafedralarning 9ta filiallari tashkil etilgan, kollej direktorlari filial va ilmiy ilmiy Kengashlariga a’zo etib kiritilgan.

2014 yil 30 yanvarda filial talabalari va biriktirilgan 8 ta KXK hamda SamDU, SamISI akademik litseylarining 65 nafar talabalari ishtirokida "Yosh dasturchilar” tanlovi o‘tkazildi hamda g‘oliblarga diplomlar va sovg‘alar topshirildi.    

VI. Ma’naviy - ma’rifiy ishlar

Filial jamoasi va professor - o‘qituvchilar tarkibi ta’lim berish bilan birga, talabalarni milliy va umuminsoniy qadriyatlar, demokratik tamoyillarga tayangan holda talabalarni yuksak ma’naviyatli, siyosiy dunyoqarashi teran, jamiyat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘sha oladigan inson sifatida tarbiyalash ishini tizimli ravishda olib bormoqdalar. O‘tgan o‘quv yilida ma’naviy - ma’rifiy yo‘nalishda 120ga yaqin tadbirlar o‘tkazildi va tadbir tafsilotlari OAV va filial WEB - saytida joylashtirildi. 2015 yilda  o‘tkazilgan "Sharq taronalari” 10 - halqaro musiqa festivalida 6 nafar talaba-qizlarimiz, 4 nafar o‘g‘il talabalar, Mustaqillik va Navruz bayrami tantanalarida 20 nafar talabalarimiz faol ishtirok etishdi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 21 - yilligi bayrami arafasida Kamolot EYH BT bilan xamkorlikda "O‘quv maskanimizni  obod qilaylik” mavzusida talabalar aksiyasi o‘tkazilib, talabalar tomonidan o‘quv binomiz atrofidagi 4 gektarlik ochiq maydonga 800 dona manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tkazildi va "kashtan”, "yapon safurasi” kabi manzarali daraxtlar ekilgan  talabalar "alleya”si tashkil etildi.

Filialda 10ta to‘garak tashkil etilgan bo‘lib, unga 370 nafar talabalar jalb etilgan. 

Filialda sportning Futbol, Voleybol, Basketbol, Shaxmat va Tennis turlari bo‘yicha terma jamoa a’zolaridan 5 nafar talabalarimiz, "Universiada - 2013” sport musobaqalarida ishtirok etib sovrinli o‘rinlarni egallashdi.

"Kamolot” yoshlar ijtimoiy xarakati BT tomonidan  42ta ma’naviy - ma’rifiy tadbirlar, 18ta ilmiy - badiiy tadbirlar tashkil etildi. «Biz - yoshlar sog‘lom turmush tarafdorimiz!» mavzusidagi "Zakovat” intelektual o‘yinida talabalarimiz faxrli 1 - o‘rinni egallashdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2005 yil 31 - avgustdagi PQ - 213 - sonli qarori asosida filialida muddatli xarbiy xizmatni o‘tab imtiyoz asosida o‘qishga qabul qilingan talabalar soni 295 nafarni tashkil qiladi. Ularning 47 nafari davlat granti asosida, 248 nafari to‘lov - shartnoma asosida taxsil olmoqda. 


Ma’naviy - ma’rifiy ishlar holatini belgilovchi asosiy faoliyat ko‘rsatkichlari biri bu filial Axborot - resurs markazidir.

Uning fondida 14879 dona adabiyot mavjud. Shundan 6647 dona adabiyot o‘zbek tilida, 6832 dona adabiyot rus tilida, 1112 nusxasi esa lotin alifbosida nashr etilgan. Axborot - resurs markazining o‘quv zalida elektron kutubxona mavjud.

Elektron kutubxona 16 dona zamonaviy kompyuterlar va skaner bilan jixozlangan.  Hozirgi kunda barcha kompyuterlar lokal tarmoqqa ulangan. Kitobxonlarning kompyuterlardan foydalanishi  uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Professor - o‘qituvchilar tomonidan yaratilgan ma’ruza matnlari va o‘quv qo‘llanmalari elektron variantlari kompyuterlarga joylashtirilgan va ulardan talabalar unumli foydalanishmoqda.  

Axborot - resurs markazining avtomatlashtirish bo‘yicha Toshkent axborot texnologiyalari universiteti tomonidan yaratilgan  «TUIT e - LIB » 1.0 dasturiy ta’minoti, ya’ni kutubxona jarayonlarini avtomatlashtirishga qaratilgan tizimi markaz  kompyuteriga o‘rnatilgan. Hozirgi  kunda  KARMAT - N avtomatlashtirilgan kutubxona tizimidan keng   foydalanilmoqda.