Maktab o'quvchilarini “Bir million dasturchi” loyihasiga jalb etish bo‘yicha targ’ibot ishlari olib borilmoqda
Sentyabr 24, 2021 / Ko'rildi 5603
Kelajagimizni axborot-kommunikatsiya texnologiyalari hamda sohaning yetuk kadrlarisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Bugungi tezkor va globallashuv davri yuqori malakali dasturchi va mutaxassislar tayyorlash tizimini yana-da takomillashtirish, bu boradagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarishni taqozo etmoqda.
Ayni paytda, bu borada Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining “Bir million dasturchi” (One Million Uzbek Coders) loyihasi doirasida uzbekcoders.uz o‘quv portali orqali bepul, onlayn o‘quv mashg‘ulotlari faoliyat olib bormoqda.
Mazkur mashg‘ulotlarda to‘rtta eng kerakli mutaxassislik — Maʼlumotlarni tahlil qilish (Data Analysis), Android ilovalar (Android Programming), Veb-ilovalar va Dasturiy taʼminot ishlab chiqish (Frontend and Full-Stack Development) bo‘yicha o‘zbek tilidagi subtitrlar bilan video kurslar taqdim etilmoqda.
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi “Bir million dasturchi” loyihasiga yoshlarni keng jalb qilishni o'z oldiga maqsad qilib qo'ygan. Shu bois Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Samarqand filiali tomonidan ham maktab o'quvchilarini ushbu loyihaga jalb etish borasida targ‘ibot tadbirlari va dasturlash ko‘nikmalarini o‘rgatishga bag‘ishlangan treninglar muntazam ravishda olib borilmoqda.
Jumladan joriy 2021 yilning 22 sentabr kunidan boshlab filial “Kompyuter injiniringi” fakulteti Axborot texnologiyalari kafedrasi professor-o'qituvchilari hamda fakultet iqtidorli talabalari tomonidan Samarqand viloyati Narpay tumani Xalq ta’limi bo’limiga qarashli maktablarda yoshlarni “Bir million dasturchi” loyihasiga jalb etish bo‘yicha uchrashuvlar o‘tkazilmoqda.
Uchrashuvlar davomida mutaxassislar tomonidan “Bir million dasturchi” loyihasining keng imkoniyatlari, bugungi kunda hayotimiz har jihatdan texnika va texnologiyalar bilan bog‘liqligi, yurtimizda iqtidorli yoshlar va o‘quvchilarga ilmiy izlanishlar olib borish, IT sohasini chuqur o‘zlashtirish va dasturlash asoslarini mukammal tarzda o‘rganib borishlari uchun yaratilgan shart-sharoitlar haqida batafsil maʼlumotlar berilmoqda.
TATU Samarqand filiali
Axborot xizmati