Ilmiy tadqiqot faoliyati
Ilmiy kengash — muayyan fan tarmog‘ining (tarmoqlarining) tegishli ixtisosliklari yo‘nalishida ilmiy daraja talabgorlari uchun ko‘zda tutilgan attestatsiya tadbirlarini amalga oshirishni tashkil etish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi (bundan buyon matnda OAK deb yuritiladi) qarori bilan yetakchi oliy ta’lim yoki ilmiy-tadqiqot muassasasi huzurida muayyan muddat davomida jamoatchilik asosida faoliyat ko‘rsatish uchun tuzilgan ilmiy-tashkiliy tuzilma;
talabgor— dissertatsiyasi himoya uchun Ilmiy kengashda qabul qilingan va attestatsiya yig‘ma jildi ko‘rilish jarayonida bo‘lgan shaxs;
izlanuvchi— oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim institutlarida dissertatsiya tadqiqotlarini olib borayotgan shaxs;
attestatsiya — oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni tayyorlash va attestatsiyasi jarayonida, shu jumladan malakaviy imtihonlarni qabul qilish, dissertatsiya aprobatsiyasi (muhokamasi) va himoyasini o‘tkazish hamda dissertatsiyani OAKda ekspertizadan o‘tkazish asosida talabgorlarning (izlanuvchilarning) nazariy bilim va kasbiy tayyorgarlikda rajasini hamda dissertatsiya sifati va olingan natijalarining yangiligini baholash;
dissertatsiya — muallif tomonidan shaxsan olib borilgan, tadqiqot mohiyati tegishli talablarga javob bergan, tugallangan va mazmunan yaxlit ilmiy ish sifatida ilmiy yangiligi va amaliy natijalari tizimli ravishda asoslab berilgan qo‘lyozma huquqiga ega bo‘lgan ilmiy asar;
dissertatsiya avtoreferati — dissertatsiya tadqiqoti yuzasidan umumiy ma’lumotlar keltirilib, ishning ilmiy yangiligi va amaliy natijalari tizimli ravishda umumlashtirilgan holda qisqacha bayon qilingan hamda nashr etilgan ishlar yuzasidan ma’lumotlar berilgan va tegishli tavsiyalar asosida rasmiylashtirilgan qo‘lyozma huquqiga ega bo‘lgan ilmiy asar;
dissertatsiya bajarilgan muassasa — oliy ta’lim yoki ilmiy-tadqiqot muassasasi kengashi qarori bilan dissertatsiya mavzusi bo‘yicha tadqiqot olib borish uchun mas’ul muassasa (muassasalar) sifatida tasdiqlanib, «OAK Byulleteni» jurnalida e’lon qilingan tashkilot;
ekspertiza — hujjatlarning mohiyati va amalga oshirilgan attestatsiya tadbirlarining tegishli qonun hujjatlari talablariga muvofiqligini ilmiy va me’yoriy-texnik jihatdan baholash;
Ilmiy kengash qoshidagi ilmiy seminar (bundan buyon matnda Ilmiy seminar deb yuritiladi) — dissertatsiyani yakuniy dastlabki ekspertizadan o‘tkazadigan seminar;
dissertatsiya himoyasi — tadqiqot natijalarining ilmiy yangiligi, xulosalari, tavsiyalarining to‘g‘riligi va asoslanganligi, dissertatsiyaning nazariy va amaliy ahamiyati, talabgorning fanga qo‘shgan hissasi bo‘yicha ilmiy jamoatchilik oldida o‘tkaziladigan muhokama;
ilmiy maslahatchi — tegishli oliy ta’lim yoki ilmiy-tadqiqot muassasasi kengashining qarori bilan muayyan izlanuvchiga belgilangan tartibda ilmiy maslahatchi sifatida biriktirilgan va bu haqdagi ma’lumot «OAK Byulleteni» jurnalida e’lon qilingan mutaxassis;