Texnikum bitiruvchilarini TATU Samarqand filialiga yakka tartibdagi suhbat asosida qabul qilish bo‘yicha
BAHOLASH MEZONI (2024-2025- O'quv yili uchun)
(Filial Kengashining 11-son 29.06.2024 Qarori bilan tasdiqlangan)
QABUL BO‘YICHA MUTAXASSISLIKLAR VA MOS TA’LIM YO’NALISHLARI
O‘rta maxsus professional ta’lim kodi mutaxassisliklari |
Mos bakalavriat ta’lim kodi va yo‘nalishi |
5.52.01.01-Kompyuter injiniring |
60610500-Kompyuter injiniringi: Kompyuter injiniringi |
60610500- Kompyuter injiniringi: AT-Servis |
|
60610500- Kompyuter injiniringi: Multimedia texnalogiyalari |
|
5.52.01.02-Dasturiy injiniring |
60610600-Dasturiy injiniring |
5.52.01.03-Axborot xavfsizligi |
60610300-Axborot xavfsizligi (sohalar bo’yicha) |
5.55.01.01-Telekommunikatsiya texnologiyalar (telekommuni-katsiya, teleradioeshittirish, mobil aloqa) |
60611000- Telekommunikatsiya texnologiyalari |
5.31.02.01-Kutubxonashunoslik |
60320400-Kutubxona-axborot faoliyati (faoliyat turlari bo‘yicha) |
1-bob. Umumiy qoidalar
- Baholash mezoni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 6 sentyabrdagi “Professional ta’lim tizimini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 5812-sonli Farmoni asosida oliy ta’lim muassasalari huzurida tashkil etilgan texnikumlarda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Maxkamasining 2022 yil 11 yanvardagi 17-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarni oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga suhbat asosida o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risida”gi NIZOM talablari asosida ishlab chiqilgan hamda texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarni (keyingi o‘rinlarda — bitiruvchilar) o‘z sohasiga mos bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish imtihonlarisiz, yakka tartibdagi suhbat orqali Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Samarqand filialining 2-bosqichidan o‘qishini davom ettirish uchun qabul qilish tartibini belgilaydi.
- O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan tasdiqlangan o‘z sohasiga mos bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari ro‘yxati asosida texnikum bitiruvchilari Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Samarqand filialiga kirish imtihonlarisiz, ushbu hujjatda keltirilgan baholash mezonlari asosida yakka tartibdagi suhbat orqali sinovdan o‘tkaziladilar.
- Quyidagi talablarga javob bergan talabalar yakka tartibdagi suhbat jarayonlarida qatnashish huquqiga ega bo‘ladilar:
- bitiruvchi butun o‘qish davrida o‘quv semestrlari yakuniga ko‘ra o‘zlashtirish baholari «5 (a’lo)» va «4 (yaxshi)», biroq o‘zlashtirish baholarining kamida 50 foizi «5 (a’lo)» bo‘lishi;
- texnikumni tamomlaganidan boshlab ikki yil mobaynida;
- O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining rasmiy veb-sayti orqali onlayn ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lishi zarur.
2-bob. Suhbatning maqsadi
- Suhbatning maqsadi oliy ta’limda o‘qish istagini bildirgan texnikum bitiruvchilaridan mutaxassisligi bo‘yicha yetarli bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan, shaxsiy yutuqlari bilan o‘rnak bo‘la oladigan, mutaxassisligi bo‘yicha mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlardan xabardorligi va mohiyatini tushuna olishi, ularni o‘zining bo‘lajak sohasi uchun tadbiq eta olishi hisoblanadi.
3-bob. Suhbat jarayoni tartibi
- Yakka tartibdagi suhbat uchun savollar Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Samarqand filiali qabul komissiyasi tomonidan ishlab chiqilib, qabul komissiyasi raisi tomonidan tasdiqlanadi.
- Suhbat jarayonida bitiruvchilarning har biriga quyidagi mavzular bo‘yicha bittadan jami to‘rtta savol beriladi:
- mamlakatda o‘z sohasiga oid amalga oshirilayotgan islohotlarning mohiyati va ahamiyatini tushunish;
- bakalavriat ta’lim yo‘nalishini tanlashda motivatsiya (soha kasbining mohiyati va ijtimoiy ahamiyatini tushunish, unga doimiy qiziqish ko‘rsatish);
- shaxsiy-kasbiy xususiyatlar (o‘qishga qobiliyat, kasbiy vazifalarni hal qilishda amaliy faoliyat, intizomlilik, hamjihatlik, mas’uliyatlilik, qaror qabul qilishda mustaqillik darajasi, shaxsiy yutuqlar mavjudligi, shuningdek, o‘z ustida ishlash va ijodkorlik qobiliyatlari);
- tanlangan bakalavriat ta’lim yo‘nalishi sohasidagi bilim va kasbiy ko‘nikmalarning mavjudligi.
- Bitiruvchi yakka tartibdagi suhbatga shaxsiy-kasbiy xususiyatlari, shaxsiy yutuqlari, muvaffaqiyatlari, sohasi hamda qo‘shimcha bilim, tajriba va ko‘nikmalarni o‘zlashtirganlik bo‘yicha erishgan natijalari hamda boshqa qiziqishlariga oid hujjatlarni portfolio tartibida tayyorlab kelishi talab etiladi.
- Yakka tartibdagi suhbat bitiruvchining shaxsan ishtirokida o‘tkaziladi. Bunda bitiruvchi suhbat uchun tayyorlab kelgan hujjatlari portfoliosini Suhbat komissiyasiga taqdim etadi.
- Suhbatda ishtirok etish uchun talabgor suhbat komissiyasi tomonidan oldindan tasdiqlab qo‘yilgan savollar to‘plamining har bir savollar blokidan biitadan savol va nomer oladi, shu yo‘l bilan u bilet shakllantiradi. Tanlangan biletning raqamini Suhbat komissiyasiga eshittiradi. Suhbat komissiyasi talabgorga suhbatga tayyorlanish uchun 10 minut vaqt beradi. Vaqt yakunlanganidan so‘ng talabgor suhbatdan o‘tadi.
- Bitiruvchi tomonidan tayyorlangan portfolioning haqiqiyligiga bitiruvchi javobgar bo‘lib, yakka tartibdagi suhbat jarayonida qabul komissiyasi a’zolari tomonidan o‘rganib chiqiladi. Portfolioning haqiqiyligini bilish uchun talabgorga qo‘shimcha savollar berilishi mumkin.
- Suhbat jarayonida Suhbat komissiyasining har bir a’zosiga ushbu Mezonning 1-ilovasiga muvofiq namunaviy shakldagi bitiruvchining suhbat natijalarini qayd etish varag‘i (keyingi o‘rinlarda — suhbat natijalarini qayd etish varag‘i) beriladi.
Suhbat komissiyasi a’zolari tomonidan suhbat natijalarini qayd etish varag‘iga har bir bitiruvchi bilan o‘tkazilgan suhbat natijasiga ko‘ra tegishli ballar belgilab boriladi va imzolanadi.
- Muayyan ta’lim yo‘nalishi (guruh) bo‘yicha suhbat jarayoni yakunlangach Suhbat komissiyasi a’zolari tomonidan to‘ldirilgan suhbat natijalarini qayd etish varaqlaridagi ballar qo‘shib jamalanadi hamda komissiya a’zolari soniga nisbatan o‘rtacha ball hisoblab chiqiladi va shu asosida ushbu Mezonning 2-ilovasiga muvofiq namunaviy shakldagi bitiruvchi bilan o‘tkazilgan suhbatning yakuniy natijalarini qayd etish varag‘i (keyingi o‘rinlarda — suhbatning yakuniy natijalarini qayd etish varag‘i) to‘ldirilib, Suhbat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.
Talabgor tomonidan jami to‘plash mumkin bo‘lgan eng yuqori ball 100 ballni tashkil etadi.
Suhbat komissiyasi tomonidan tasdiqlangan suhbatning yakuniy natijalarini qayd etish varag‘iga asosan Suhbat komissiyasining ishtirok etgan a’zolari tomonidan qo‘yilgan ballarning o‘rtachasi 67 ball va undan yuqori bo‘lganda abituriyent suhbatdan o‘tgan hisoblanadi.
Muayyan ta’lim yo‘nalishi (guruh) bo‘yicha o‘tkazilgan suhbat natijalariga ko‘ra suhbatdan o‘tganlar ro‘yxati shu kunning o‘zida abituriyentlarga o‘qib eshittiriladi.
- Suhbat komissiyasi tomonidan tasdiqlangan suhbatning yakuniy natijalarini qayd etish varag‘iga asosan talabalikka tavsiya etilganlar belgilangan muddatlarda to‘lov-kontrakt shartlari bajarilgandan so‘ng oliy ta’lim muassasasi rektorining buyrug‘i bilan muayyan bakalavriat ta’lim yo‘nalishining 2-bosqichiga o‘qishga qabul qilinadi.
- Suhbat komissiyasi tomonidan talabgorlarni baholash mezonlari quyidagicha taqsimlanadi (3-ilova):
№ |
Savollik |
Ball |
1-savol. Mamlakatda o‘z sohasiga oid amalga oshirilayotgan islohotlarning mohiyati va ahamiyatini tushunish |
||
1. |
Soha bo‘yicha amalga oshirilayotgan isloxotlarni tushunish darajasi |
10 ball |
2. |
Soha bo‘yicha islohotlarga munosabati |
10 ball |
3. |
Sohani rivojlantirish bo‘yicha islohotlarga taklif va tavsiyalari |
5 ball |
Jami |
25 ball |
|
2-savol. Bakalavriat ta’lim yo‘nalishini tanlashda motivatsiya (soha kasbining mohiyati va ijtimoiy ahamiyatini tushunish, unga doimiy qiziqish ko‘rsatish) |
||
1. |
Bakalavriatning mazkur yo‘nalishini tanlashdan maqsadi va kelajak rejalari |
10 ball |
2. |
Tanlagan kasbini jamiyatga va davlat rivojlanishiga ta’sirini tushunishi |
10 ball |
3. |
Bu kasb orqali yuqori darajadagi muvaffaqiyatga erishgan mutaxassislarning bilishi |
5 ball |
Jami |
25 ball |
|
3-savol. Shaxsiy-kasbiy xususiyatlar (o‘qishga qobiliyat, kasbiy vazifalarni hal qilishda amaliy faoliyat, intizomlilik, hamjihatlik, mas’uliyatlilik, qaror qabul qilishda mustaqillik darajasi, shaxsiy yutuqlar mavjudligi, shuningdek, o‘z ustida ishlash va ijodkorlik qobiliyatlari) |
||
1. |
Shaxsiy yutuqlarga erishganligi (portfolio hujjatlari asosida) |
25 ball |
Jami |
25 ball |
|
4-savol. Tanlangan bakalavriat ta’lim yo‘nalishi sohasidagi bilim va kasbiy ko‘nikmalarning mavjudligi |
||
1. |
Berilgan savolning mazmun mohiyatini tushuntirib berishi |
20 ball |
2. |
Mazkur sohada ish tajribasining mavjudligi |
5 ball |
Jami |
25 ball |
- Belgilangan muddatlarda suhbatga kelmagan bitiruvchilarga shu o‘quv yili uchun qayta suhbat o‘tkazilmaydi va ular oliy ta’lim muassasasi bakalavriat ta’lim yo‘nalishining 2-bosqichidan o‘qishga qabul qilinmaydi.
Bitiruvchi uzrli sabablarga ko‘ra (kasalligi, xizmat safarida bo‘lganligi yoki oila a’zolarining vafot etganligini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etganda) suhbatda ishtirok eta olmaydigan bo‘lsa yoki ishtirok etmasa, suhbat o‘tkazilgan sanadan uch kundan kechikmay oliy ta’lim muassasasida tuzilgan qabul komissiyasiga murojaat etishi lozim. Mazkur toifadagi bitiruvchilar uchun suhbat jarayonlari to‘liq yakunlanganidan so‘ng bir hafta muddat ichida qo‘shimcha suhbat o‘tkaziladi.
4-bob. Apellyatsiya berish tartibi
- Suhbatlar o‘tkazilishi davrida belgilangan tartibda apellyatsiya shikoyatlarini ko‘rib chiqish uchun apellyatsiya komissiyasi tashkil etiladi.
- Apellyatsiya shikoyatlari suhbat natijalari e’lon qilingan vaqtdan boshlab 24 soat ichida oliy ta’lim muassasasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri yozma shaklda yoki Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining rasmiy veb-sayti orqali onlayn shaklda qabul qilinadi va appelyatsiya komissiyasi tomonidan murojaat qilganlarning sonidan kelib chiqqan holda bir kundan uch kungacha bo‘lgan muddatda videoyozuv asosida ko‘rib chiqiladi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
- Mazkur baholash mezonini qo‘llashda yuzaga keladigan nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
- Ushbu baholash mezoni talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradilar.